O‘zbekistondagi 225 ta maktab nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ochiladi

Yangi o‘quv yilidan mamlakatning barcha hududlaridagi 225 ta umumta’lim maktablar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun o‘z eshiklarini ochadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasining (UNICEF) Toshkentdagi vakolatxonasi buni mamlakat tarixida misli ko‘rilmagan qadam deya atadi.

Bu Prezidentining 2020-yil 13-oktabrdagi 4860-son qarori bilan tasdiqlangan 2020−2025-yillarga mo‘ljallangan xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq amalga oshirilmoqda.

“Biz butun mamlakat bo‘ylab inklyuziv ta’lim yo‘lidagi bu ilg‘or qadamni olqishlaymiz. Dalillar shuni ko‘rsatadiki, inklyuziv ta’lim barcha bolalar uchun foydali bo‘lib, ta’lim natijalarini yaxshilashda katta imkoniyatlarni taqdim etadi”, — dedi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda nogironligi bo‘dgan bolalar ko‘pincha alohida muassasalarda o‘qitiladi. 2020-yilda bunday bolalar maxsus muassasalarda tarbiyalaniyotganlarning 75 foizini tashkil etgan. Taxminan 9700 ta nogironligi bo‘lgan bolalar maktab tizimida emas.

Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatdiki, inklyuziv ta’limni joriy etish ta’lim sifatini yaxshilashning kalitidir. Inklyuziv ta’lim bolalarga yo‘naltirilgan (o‘quv dasturlariga emas) va har bir bolaning, shu jumladan nogironligi bo‘lgan bolalarning ehtiyojlariga javob beradigan pedagogikani qo‘llash orqali barcha bolalar uchun yaxshiroq ta’lim natijalarini ta’minlaydi.