O‘zbekistondagi Turkman fuqarolari ham saylovda ishtirok etadi

O‘zbekistondagi Turkmaniston fuqarolari 12-mart kuni bo‘lib o‘tadigan Turkmaniston Prezidenti saylovida ushbu mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi binosida tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz berishlari mumkin.
Turkmanistonning mamlakatimizdagi diplomatiya missiyasi O‘zbekiston hududida doimiy va vaqtincha istiqomat qilayotgan o‘z fuqarolarini Toshkent shahri, Afrosiyob ko‘chasi, 19-uyda joylashgan elchixona binosida tashkil etilgan 1-saylov uchastkasida 12-mart kuni soat 07.00dan 19.00gacha bo‘lib o‘tadigan Turkmaniston Prezidenti saylovining dastlabki ovoz berish jarayonida ishtirok etishga taklif qiladi.
Saylovda 18 yoshga to‘lgan Turkmanistonning barcha fuqarolari ishtirok etishlari mumkin. Saylovchilar shaxsiy pasport yoki Turkmaniston fuqarosi pasporti o‘rnini bosadigan hujjatga ega bo‘lishlari shart.
Konsullik ro‘yxatidan o‘tgan Turkmaniston fuqarolari to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
P.S: Turkmaniston Saylovlar va referendumlar o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiyasi davlat rahbari lavozimi uchun saylovda bellashadigan 9 nafar nomzodni ro‘yxatga olgan.






