O‘zbekistonlik merganlar xalqaro musobaqada ikkinchi o‘rinni egalladi

Turkiyaning Egridir shahrida 12 davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilgan «Eng ilg‘or merganlar jamoasi» nomli xalqaro musobaqada O‘zbekiston vakillari ikkinchi o‘rinni egallashdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Komando” o‘quv markazi bazasida bo‘lib o‘tgan turnirda Germaniya, Bahrayn, Qatar, Ozarbayjon kabi dunyoning 12 davlatidan jami 33 ta jamoa, Turkiyaning o‘zidan esa dengiz maxsus kuchlari, quruqlikdagi maxsus kuchlari, maxsus operatsiyalar kuchlari kabi alohida qo‘shin turlaridan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi.

“Kunduzgi va tungi mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan musobaqa bellashuvlari 10 kun davomida o‘tkazildi. Ushbu xalqaro musobaqaning boshqa merganlik musobaqalaridan farqi shundaki, unda vertolyot va qayiqda ham harakat vaqtida otish mashqlari bajarildi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, musobaqaning hech bir bosqichida lazerli masofa o‘lchagichlardan foydalanishga ruxsat berilmadi, merganlar 1000 metr va undan ortiq masofada bo‘lgan nishonni optik moslamalar yordamida aniqlab, belgilangan vaqt orasida uni yakson qildi. Bundan tashqari, turnir ishtirokchilari tunggi vaqtda magnit azimuti bo‘yicha tog‘li hududda 6 soat davomida harakatlanib, noaniq masofadagi nishonni yakson qildi.