O‘zbekistonning JST a’zoligi sari qadamlar

Joriy yilning 26 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Jahon savdo tashkiloti (JST) Bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston uchun JSTga a’zo bo‘lish mamlakatni ko‘p tomonlama savdo tizimiga yanada integratsiyalashga qaratilgan ustuvor masala hisoblanadi.
Tomonlar joriy yil oxirigacha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 5-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikning amaliy masalalarini muhokama qildilar. Tashkilot rahbariyati ushbu tadbirni o‘tkazishda va umuman O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Zarur hujjatlarni tayyorlashda JST Kotibiyati va uning xalqaro ekspertlari tomonidan O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Syanchen Chjan O‘zbekiston Rahbariyatining mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonini faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlariga yuqori baho berdi, O‘zbekistonning tashabbuskorligi tufayli Tashkilot bilan hamkorlik jadal tus olganini va joriy yilning avgust oyida yangi lavozimni egallaganidan beri tashrif buyurgan ilk mamlakat O‘zbekiston ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muzokara jarayoni bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etishni jadallashtirish yuzasidan birgalikdagi ishlarni faollashtirishga o‘zaro tayyorligini bildirdilar.






