O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini o’tkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida vazir o‘rinbosari Badriddin Abidov hamda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha Ishchi guruhi raisi, Koreya Respublikasining Jenevadagi elchisi Li Texo va JST Kotibiyatining Tashkilotga a'zo bo'lish bo'limi direktori Mayka Oshikava o‘rtasida videokonferensaloqa orqali uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishining bugungi holati va mamlakatimizning Tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat ishtirokchilariga Ishchi guruhning bo‘lajak yig‘ilishini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini o‘tkazish uchun O‘zbekiston tomonidan JST Kotibiyati va Tashkilotga a’zo mamlakatlarga barcha zarur hujjatlar topshirilgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, JSTga aʼzo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralar va avvaldan rejalashtirilgan tadbirlarni oʻz vaqtida tashkil etish maqsadida tashkilot kotibiyati bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda.
Uchrashuvda zarur hujjatlarni tayyorlash va Tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan tizimli hamkorlik qilish doirasida Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilgan salmoqli ishlar hajmi qayd etildi. Tomonlar, shuningdek, Tashkilot tadbirlarining koʻpligiga qaramay, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhning 6-yig‘ilishini tashkil etish va o‘tkazishda har tomonlama yordam ko‘rsatishga hamda mamlakatimizning Tashkilotga kirishi bo‘yicha kelgusidagi jarayonga maslahat va texnik yordam ko‘rsatishga to‘liq tayyor ekanliklarini bildirdilar.






