O‘zbekistonning tarixiy shaharlarida Duty Free do‘konlari tashkil etiladi

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Bojxona kodeksining 81 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur qonun keyingi 2 yil ichida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan. Unga ko‘ra, quyidagi yangiliklar joriy etiladi:

– Bojxona hujjatlarining rasmiylashtirish muddati 3 kundan bir kungacha qisqarmoqda;
– Tovar va transport vositalarini bojxona rejimiga joylashtirish bekor qilinyapti;
– Qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan tovarlarni bojxonadan chiqarish vakolatli shaxslar tomonidan amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yiladi (avval bojxona o‘zi istagan narxni qo‘yib, tadbirkorlar manfaati inobatga olinmas edi);
– Bojxona tizimiga vakolatli iqtisodiy operator instituti joriy etilmoqda (bu bojxonadagi hisob-kitoblarda inson omilining aralashuvini cheklaydi);
– Endilikda nafaqat aeroportlar, balki mamlakatning tarixiy shaharlari Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qo‘qon markazlarida bojsiz savdo qiluvchi Duty Free do‘konlari (boj olinmaydigan savdo do‘koni) tashkil etiladi.

Shuningdek, bojxona tizimiga soliq solishdan ozod etiladigan tovarlar ro‘yxati kiritilmoqda. Bu tadbirkorlar uchun erkin tovar aylanishini kafolatlaydi.