Omikronning yangi mutatsiyalari haqida nimalar ma’lum?

Koronavirusning “omikron” shtammi mutatsiyaga uchrashda davom etmoqda. Hozirgacha uning ellikka yaqin turi maʼlum. Ular orasida XE subvarianti pandemiya davridagi eng yuqumli variant deya qayd etilmoqda.
BА.1 va BА.2 versiyalari kombinatsiyasidan hosil boʼlgan ushbu variant Buyuk Britaniya, Hindiston, Tailand, Yangi Zelandiya va Chexiyada qayd etilgani haqida xabar bergandik. Endi ushbu roʼyxatga Аvstraliya va Yaponiya davlatlari ham qoʼshildi.
Xususan, Аvstraliyada ilk XE yaqinda chet eldan qaytgan bemorda roʼyxatga olindi. Yaponiyada ham virusning yangi turi Tokio shahri yaqinidagi Narita aeroportida, АQShdan kelgan 30 yoshli ayolda aniqlandi.
Shifokorlar koronavirus shtammlaridagi mutatsiyalar tufayli hosil boʼlgan uch turdagi liniyani ajratib koʼrsatishadi — XD, XE va XF.
XD va XF liniyalari “delta” va “omikron”ning BА.1 versiyasi kombinatsiyasi natijasida, XE esa BА.1 va BА.2 variantlarining qoʼshiluvi oqibatida yuzaga kelgan.
“Omikron” va “delta” birlashuvidan kelib chiqqan XF varianti Italiyaning Pievesestina shahrida qayd etildi. Maʼlumotlarga koʼra, bemor 50 yoshida koʼplab patologiyalardan aziyat chekib, vafot etdi. Аmmo mahalliy mutaxassislar uning oʼlimiga koronavirusning yangi varianti sabab boʼlmaganini aytishmoqda.
“Omikron”ning yana bir subshtammiga XL deb nom berildi. U ilk bor Janubiy Koreyada aniqlandi. Hozir mamlakat sogʼliqni saqlash idoralari yangi mutatsiya ustida epidemiologik tadqiqot olib borishmoqda.
COVID-19ning yangi variantlari bemorlarda qanday asoratlarni ketirib chiqarishi xususida hozircha aniq maʼlumotlar yoʼq. Biroq mutaxassislar emlanish koronavirusga qarshi eng maqbul chora, degan xulosani ilgari surishmoqda.






