«Osiyo bolalari» Xalqaro oʻyinlar qoʻmitasi rahbari O‘zbekiston yoshlari salohiyatini yuqori baholadi

Joriy yilning 5-sentabr kuni Sportni rivojlantirish vazirligida “Osiyo bolalari” Xalqaro oʻyinlar qoʻmitasi bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda “Osiyo bolalari” Xalqaro oʻyinlar qoʻmitasi prezidenti Vladimir Maksimov ishtirok etdi.

Uchrashuvda “Osiyo bolalari” Xalqaro oʻyinlar qoʻmitasi prezidenti Vladimir Maksimov Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahrida oʻtkazilgan “Osiyo bolalari” (“Дети Азии”) VII yozgi sport oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtirokini yuqori baholadi. Shuningdek, mamlakatimiz sport delegatsiyasini kelgusi yilning fevral oyida Rossiya Federatsiyasining Kemerova shahrida tashkil etiladigan “Osiyo bolalari” (“Дети Азии”) II qishki sport oʻyinlariga ham taklif qildi.

Oʻz navbatida Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov “Osiyo bolalari” Xalqaro oʻyinlar qoʻmitasi rahbariga taklif uchun minnatdorlik bildirdi va albatta ushbu oʻyinlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qildi. Shu bilan birga “Osiyo bolalari” (“Дети Азии”) VII Xalqaro sport oʻyinlari yuqori saviyada tashkil etilganligini ham alohida taʼkidlab oʻtdi.

Uchrashuvda tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, bir qator sport turlarini rivojlantirish borasida oʻzaro kelishuvga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, “Osiyo bolalari” (“Дети Азии”) VII Xalqaro sport oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi 41ta oltin, 28ta kumush va 45ta bronza, jami 114ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-oʻrinni egallashdi.