Ostona shahrida birinchi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» sammiti boʼlib oʼtmoqda

Unda Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Qirgʼiziston, Tojikiston va Yevropa Ittifoqi Prezidentlari hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʼrinbosari ishtirok etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev oʼz nutqida Oʼzbekiston mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va oʼzaro bogʼliqlikni mustahkamlash uchun zarur boʼlgan muhim muloqot maydoni sifatida qarashini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi hamkorligining savdo-iqtisodiy yoʼnalishiga toʼxtalib, mamlakatlarimiz «GSP+» imtiyozli savdo tizimiga qoʼshilganidan soʼng joriy yilning boshidan buyon yuqori qoʼshilgan qiymatli oʼzbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etdi.
Biroq, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emasligi taʼkidlanib, Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo boʼlmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilish uchun:
sanoat mahsulotlarining Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini taʼminlash;
YeI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish;
yevropalik isteʼmolchilar oʼrtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir boʼlishi uchun qoʼshma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aktsiyalar oʼtkazish zarurligi koʼrsatib oʼtildi.
Ushbu masalalarni tizimli ravishda hal qilish uchun Prezidentimiz Bosh vazir oʼrinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Iqtisodiy hamkorlik qoʼmitasini taʼsis etishni taklif qildi.
Ushbu tuzilma faoliyati doirasida “Global darvoza” tashabbusining maqsad va vazifalarini qamrab olgan holda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish va oʼzaro transport-kommunikatsiya bogʼliqlikni rivojlantirish boʼyicha uzoq muddatli strategik dasturni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Oʼzbekiston Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligi bildirildi.






