OTB O‘zbekistonga $150 mln kredit va $3 mln grant ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonda oziq-ovqat va suv xavfsizligini yaxshilashga ko‘maklashish uchun 150 mln dollar miqdorida kredit va 3 mln dollar grant ajratishni ma’qulladi.

Ma’lumot berilishicha, qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish uchun yer va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish jarayoni ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, bank yuqori darajadagi texnologiyalar fondidan 300 000 AQSh dollari miqdorida grant ajratadi.

"OTB O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarishni kuchaytirishdan manfaatdor. Mamlakat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan qimmatli transchegaraviy suvlarga tayanadi. Bu suvlar mamlakat qishloq aholisining yarmi uchun asosiy tirikchilik manbai hisoblanadi", — dedi OTBning Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Loyiha hukumatning yuqori qo‘shimcha qiymatli ekinlarga o‘tish, yer va suv resurslarini boshqarishni yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.