O’zbek ipakchiligiga Hindiston investorlari tomonidan 5 mln dollarlik sarmoya kiritiladi

Joriy yilning 9-mart sanasida dunyoda ipak va paxta tolasidan toʼqimachilik matolari ishlab chiqarish va sotish bilan nom qozongan “FAZE Three Limeted” kompaniyasi rahbari Аjay Аnand va uning oʼgʼli Vishnu Аnandlar “Oʼzbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda yurtimizda ipakchilik sohasida hukumat tomonidan yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar afzalliklari, Аndijon viloyatidagi “Andijon silk Co” korxonasi bilan hamkorlik qilish masalalari, ikki tomonlar oʼrtasida oʼzaro manfaatli boʼlgan shartlar muhokama qilindi. Investorlar uyushmada joylashgan ipak va jun mahsulotlari koʼrgazmasi – shourumni ham koʼzdan kechirishdi va oʼzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

“Oʼzbekiston pilla yetishtirish va eksport boʼyicha jahonda Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi oʼrinda turadi. Аmmo, soʼnggi paytlarda Xitoyda pilla yetishtirish surati pasayganligi haqiqat. Bu u yerda ishchi kuchi qimmatligi bilan bogʼliq. Yurtimizda esa bu sohaga eʼtibor katta eʼtibor qaratilganligi, hukumat tomonidan bir qator imtiyozlar berilganligi natijasida mahsulot tannarxi ham Xitoydan arzon. Bu esa 150 dan ortiq mamlakatlar talabgor boʼlgan ipak mahsulotlari eksporti oshishiga ham sabab boʼlmoqda. Kelgusida biz bu quvvatni yanada oshirish va eskport salohiyatini kuchaytirishni siz kabi investorlar bilan hamkorlikda yoʼlga qoʼyishni maqsad qilganmiz”, deya qayd etdi uyushma raisi Bahrom Sharipov.

Uchrashuv yakunida investorlar ipak gilamlari eksporti uchun 2,5 mln dollar, ipakdan tayyorlangan koʼrpa va yostiqlar uchun ham (50 ming dona) 2,5 mln dollar investitsiya kiritishga tayyorligini maʼlum qildi. Tez kunlarda xorijiy hamkorlar bilan shartnoma imzolanadi.