O’zbek olimlari tomonidan yaratilgan yangi preparat koronavirusni davolashda qo’llaniladi

OʼzR FА Bioorganik kimyo instituti olimlari tomonidan yaratilgan «Rutan tabletkalari, 100 mg» preparati COVID-19 koronavirus infeksiyasini davolash protokoliga kiritildi.
Taqdim etilgan maʼlumotga koʼra, endilikda Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan Rutan preparatini koronavirusga chalingan bemorlarda, oʼtkir respirator infeksiya bilan bogʼliq boʼlgan holsizlikning birinchi belgilari paydo boʼlganida, shifokor tavsiyasiga koʼra qoʼllash belgilandi. Rutan preparati Rhus coriaria (Totum) oʼsimligidan ajratib olingan dori preparati boʼlib, klinik sinovlar natijasiga koʼra, gripp virusining turli shtammlariga, shuningdek, SARS-Cov-2 virusiga qarshi samarali taʼsir koʼrsatishi aniqlandi.
Mazkur tadqiqotlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan taqdim etilgan grant mablagʼlari yordamida Sogʼliqni saqlash vazirligi huzuridagi Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirildi.
Klinik sinovlar natijasida Rutan dori preparatining 100 milligrammlik optimal dozasi 6 yoshdan katta bemorlarda xavfsiz qoʼllanishi mumkinligi va uni kuniga 2 marotaba ichish virusning koʼpayishiga toʼsqinlik qilishi, shamollash va yalligʼlanish jarayonlarining oldini olishi, xususan, oʼtkir va atipik pnevmoniya yuzaga kelishiga toʼsqinlik qilishini koʼrsatdi. Virusning patologik taʼsirga ega boʼlgan barcha funktsional va strukturaviy oqsillarining hosil boʼlishida ishtirok etuvchi ikkita asosiy konservativ fermentini - 3SL proteazasini va RNKga bogʼliq RNK polimerazasini ingibirlash (toʼxtatish) xususiyati va u oʼsimliklardan olingan dori vositasi ekani eʼtiborga molikdir. Natijada, organizmda strukturaviy va funktsional oqsillar paydo boʼlmaydi va infeksiyalash qobiliyatiga ega boʼlmagan yetilmagan viruslar hosil boʼladi.
Rutan preparatining afzalligi uning viruslarga qarshi qoʼllanilayotgan boshqa preparatlarga nisbatan toktsiklik darajasi nihoyatda past ekani, davolash samarasi yuqoriligi va nojoʼya taʼsirlari yoʼqligidadir.
«Rutan tabletkalari, 100 mg» preparatini qoʼllash COVID-19 kasalligidagi yalligʼlanish jarayonlarining asosiy mediatori boʼlgan S-rekativ oqsilining sezilardi kamayishiga olib keldi va sinov natijalariga koʼra, davolash guruhidagi bemorlarining hech birida oksiginatsiya oʼtkazish talab etiladigan kritik holat rivojlanishi qayd etilmadi.
Tadqiqotlar Rutan 100 mg. dori preparatini koronavirus infeksiyasi oʼrta ogʼirlikda kechayotgan bemorlarga keng qoʼllashni tavsiya qilish mumkinligini koʼrsatdi.






