O'zbekiston – AQSh: ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari

Joriy yilning 10-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev AQShning O'zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Daniyel Rozenblum bilan uchrashuv o'tkazdi.

Muzokaralar davomida O'zbekiston-Amerika ko'p qirrali hamkorligi kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi. O'zaro qiziqish va ko'p tomonlama aloqalarni o'rnatishga intilish tufayli ikki tomonlama va mintaqaviy sheriklik yo'nalishida erishilgan yutuqlar mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollarini har tomonlama ko'rib chiqdilar. Xususan, 2022-yilning birinchi yarimida o'zaro tovar aylanmasining 31 foizga o'sgani va bu ko'rsatkich 247,5 million dollarga yetgani qayd etildi. Savdo munosabatlarini jadallashtirish hamda import-eksport operatsiyalari nomenklaturasini kengaytirish bo'yicha aniq tadbirlar belgilandi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama munosabatlarning o'zaro manfaatli boshqa masalalar ham ko'rib chiqildi. Masalan, "yashil" energetika, qishloq xo'jaligi va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish doirasida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, istiqbolli sohalarda turli loyihalarni amalga oshirishda AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bilan hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.