O'zbekiston – Saudiya Arabistoni: qiymati 2,7 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihalari

Joriy yilning 11-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligining (SAP) O'zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yusuf Al-Utaibini qabul qildi.

Muzokaralar davomida O'zbekiston – Saudiya Arabistoni munosabatlari rivojlanishining hozirgi holati va istiqbollari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, shuningdek, yaqin kelajakda bir qator ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko'rish borasidagi ishlar muhokama qilindi.

Tomonlar so'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarning faollashuvini, xususan, investitsiyaviy, energetika va savdo – iqtisodiy sohalarda hamkorlikning jadal kengayishini yuqori baholadilar.

Shuningdek, O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokidagi qo'shma korxonalar soni 36 ga yetgani, qiymati 2,7 milliard dollar bo'lgan 4 ta yirik investitsiya loyihasi hamda jami qiymati 287 million dollar bo'lgan bir qator ijtimoiy yo'naltirilgan loyihalar faol amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ikki davlatning biznes va hukumat doiralari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan bo'lajak ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik ko'rish chora-tadbirlari batafsil ko'rib chiqildi.