Oʻzbekiston Afgʻonistonga 185 tonna insonparvarlik yordami yubordi

Oʻzbekistondan afg‘on xalqiga 185 tonnadan ortiq zarur oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami Hayraton chegara o‘tkazish punkti orqali qo‘shni mamlakatning Balx viloyati shimolidagi Hayraton shahriga yetkazildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 48 tonna bug‘doy, 15,7 tonna o‘simlik yog‘i, 10 ming 20 dona konservalangan go‘sht mahsulotlari (tushyonka), 22 tonna makaron, 24 tonna shakar hamda 100 ming dona tez tayyorlanadigan lapsha (Hot lanch) o‘rin olgan.

Afg‘onistonlik rasmiylar Muborak Ramazon oyida ko‘rsatilayotgan bu kabi amaliy yordam uchun O‘zbekiston xalqiga o‘z minnatdorchiligini bildirgan.