O'zbekiston-Belarus hamkorligida 32 ta innovatsion loyiha moliyalashtiriladi

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Hay'atining 14-oktabr kuni bo'lib o'tgan navbatdagi yig'ilishida O'zbekiston-Belarus hamkorligi doirasida o'tkazilgan xalqaro fundamental ilmiy tadqiqotlar tanlovi natijalariga ko'ra g'olib deb topilgan loyihalar ro'yxati tasdiqlandi.

O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Belarus Fundamental tadqiqotlar fondi o'rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi doirasida e'lon qilingan xalqaro ilmiy loyihalar tanloviga jami 86 ta loyiha kelib tushgan bo'lib, Belarus tomondagi hamkor tashkilotlardan loyihalar topshirilmaganligi sababli 12 ta loyiha, hujjatlari belgilangan talablar bo'yicha shakllantirilmaganligi sababli 2 ta loyiha tanlovdan chetlashtirildi. 72 ta ilmiy-texnik loyiha tegishli Ilmiy-texnik kengashlarda o'rnatilgan tartibda ekspertizadan o'tkazildi.

Ekspertiza jarayonida har bir loyihaga ikki nafardan ekspert tayinlandi. Ilmiy-texnik kengashlar yig'ilishida har bir loyiha rahbarining taqdimoti tinglandi, ekspertlar tomonidan berilgan xulosalar muhokama qilindi. Ekspertiza natijalariga ko'ra, 32 ta ilmiy loyiha moliyalashtirishga tavsiya qilindi, 40 ta loyihani moliyalashtirishni rad etish bo'yicha xulosa berildi.