O‘zbekiston delegatsiyasi Isroildagi xalqaro yarmarkada ishtirok etmoqda

Isroilning Tel-Aviv shahrida IMTM-2023 Xalqaro O‘rtayer dengizi sayyohlik yarmarkasi (“The International Mediterranean Tourism Market”) bo‘lib o‘tmoqda. Yarmarkada Madaniyat va turizm vazirligi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Uzbekistan Airways” AJ hamda sayyohlik kompaniyalari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Yarmarka doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirligining “Uzbekistan – The Crossroad of Civilizations. Tourism Potential of Uzbekistan” mavzusidagi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu taqdimot xorijlik mutaxassislar, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Bundan tashqari, mashhur o‘zbek oshpazi Bahriddin Chustiy va Buxoro yahudiylari avlodidan bo‘lmish isroillik oshpaz Yisrael Aharoni tomonidan “Gastronomy of Uzbekistan” mavzusidagi qo‘shma taqdimot ham o‘tkazildi. Taqdimot yakunida mahorat darsi ham tashkil etildi.
Qayd etish joizki, yarmarkada Belarus, Chernogoriya, Vengriya, Fransiya, Gretsiya, Ozarbayjon, Portugaliya, Yaponiya, Qirg‘iziston, Litva, Turkiya, Slovakiya, Gruziya, Janubiy Koreya, Chexiya, Ispaniya kabi davlatlar ham o‘z stendlari bilan qatnashmoqda. Ko‘rgazma jami 25 000 dan ortiq mehmonlarni qamrab olgan.






