O'zbekiston delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi – hamkorlikdagi yangi sahifa

Joriy yilning 30-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi hukumat delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi doirasida Bosh vazir o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining birinchi o'rinbosari Levente Magyar bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va innovatsion sohalarda ko'p qirrali o'zbek – venger hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar qishloq xo'jaligi, suvni tejaydigan texnologiyalar, oziq - ovqat sanoati, farmatsevtika, elektronika, avtomobilsozlik, to'qimachilik, kimyo va metallurgiya, ilm-fan, innovatsiya va ta'lim kabi sohalarda yangi yuqori daromadli investitsiya loyihalari hamda savdo shartnomalarini ishlab chiqishni o'z ichiga olgan qisqa va o'rta muddatli istiqbolga mo'ljallangan iqtisodiy masalalarni muhokama qildilar.
Sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Vengriya sarmoyaviy doiralarini O'zbekiston davlat korxonalari va aktivlarini transformatsiyalash va xususiylashtirish masalalari ham alohida ko’rib chiqildi.
Shuningdek, tashrif doirasida O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning "Wizz Air", "MasterGood", "KITE", "Eximbank", "Raba" kabi yetakchi venger kompaniyalari va banklari rahbariyati bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatish, qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.






