O'zbekiston elchisi o'zbek meva-sabzavot va to'qimachilik mahsulotlarining eksport salohiyatini namoyish etdi

Rossiyaning "Chakana savdo haftaligi - 2021" forumida O'zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchisi Botirjon Asadov so'zga chiqdi. Elchi Moskva shahridagi Xalqaro savdo markazining kongress-hollida bo'lib o'tgan "Import muammolari, davlat tomonidan tartibga solish nuqtai nazaridan, olib kirish va boshqa muammolar" ekspert sessiyasida ishtirok etdi.

"Dunyo" AA xabariga ko'ra, ekspert komissiyasida Rossiyaning qator vazirlik va idoralari hamda qator yetakchi tijorat tuzilmalari rahbarlari ham ishtirok etishdi.

Botirjon Asadov o'zbek meva-sabzavot va to'qimachilik mahsulotlarining eksport salohiyati to'g'risida taqdimot qildi. U ishtirokchilarga O'zbekistonda eksportni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida batafsil ma'lumot berdi, shuningdek, Rossiyaga eksport hajmini yanada oshirish rejalari to'g'risida aytib o’tdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga savollar berilib, tegishli javoblar olindi.