O‘zbekiston eng ko‘p oltin sotgan davlatlardan biriga aylandi

Jahon oltin kengashi xabariga ko’ra, dunyo bo‘ylab Markaziy banklar noyabr oyida oltin zaxiralarini 50 tonnaga oshirdi. Shuningdek, O‘zbekiston ham eng ko‘p oltin sotgan davlatlardan biri bo’lib, noyabrda yetti oydan buyon ilk bor 556,7 mln dollarlik oltin eksport qildi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich oktabr oyidagi 34 tonnaga nisbatan 47 foizga ko‘pdir. Noyabr oyida birgina Xitoy Xalq banki 32 tonna oltin sotib olganini e’lon qildi va mutlaq yetakchi bo‘ldi. Bank 2019-yilning sentabr oyidan buyon oltin zaxiralari o‘sishini birinchi marta e’lon qildi. Bu e’lon Xitoyning 2002—2019-yillarda 1448 tonna oltin to‘plagan yirik oltin xaridori sifatidagi tarixiy mavqeyini hisobga olgan holda muhim ahamiyatga ega.

Noyabr oyi oxirida Xitoy Xalq banki oltin zaxiralari 1 980 tonnani tashkil etgan (umumiy zaxiralarning 3,4 foizi). Noyabr oyida Turkiya Markaziy banki oltin sotib olishni davom ettirdi va o‘zining rasmiy (markaziy bank va G‘aznachilik) zaxiralariga yana 19 million dollar qo‘shib, 517 tonnagacha yetkazdi (umumiy zaxiralarning 27 foizi).

Qirg‘iziston Markaziy banki bu yil birinchi marta 3 tonna oltin sotib olib, jami oltin zaxiralarini 16 tonnaga ko‘paytirdi.

Oltin sotish bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy banki va Qozog‘iston Milliy banki yetakchilik qilmoqda. Qozog‘iston o‘zining oltin zaxiralarini taxminan 4 tonnaga kamaytirib, 380 tonnaga (yillik yillik -5 foiz) tushirdi. O‘zbekistonning oltin zaxiralari esa noyabr oyida deyarli 2 tonnaga kamayib, 397 tonnani tashkil qilgan.

Noyabrda O‘zbekiston yetti oydan buyon ilk bor 556,7 mln dollarlik oltin eksport qilgan. Mamlakat so‘nggi bor mart oyida ushbu qimmatbaho metallni eksport qilgan edi.