O'zbekiston Eronga 5 million dollar miqdorida to'qimachilik mahsulotlarini eksport qiladi

Qashqadaryo viloyati Kitob tumani hokimining o'rinbosari Baxtiyor Karimov boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Tehronga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Tehron to'qimachilik eksportchilari va ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida qatnashdilar. Tadbirda Qashqadaryo viloyati va Kitob tumanining investitsiya, savdo-iqtisodiy salohiyati haqidagi taqdimot namoyish etildi. Taqdimotdan so'ng tomonlar O'zbekistondan Eronga 5 million dollar qiymatida to'qimachilik mahsulotlarini eksport qilish to'g'risida bitim imzoladilar.

Aytish joizki, O'zbekiston delegatsiyasi o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish uchun boshqa Eron kompaniyalarining ishlab chiqarish quvvatlari bilan tanishdi.