O'zbekiston Global innovatsion indeksda 82-o'rinni egalladi

“InnoWeek.Uz-2022” innovatsion g'oyalar haftaligi doirasida joriy yilning 19-oktabr kuni “Global innovatsion indeks-2022: O'zbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro forum bo'lib o'tdi.
Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov ochib berdi.
“O'zbekiston Global innovatsion indeksda 2015-yilda 141 ta davlat orasidan 122-o'rinni egallagan bo'lsa, 2022-yilda 131 ta davlat orasida 40 pog'onaga yuqorilab, 82-o'rinni egalladi hamda Markaziy Osiyoning yetakchisiga aylandi. Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari orasida Hindiston va erondan keyin 3-o'rinda qayd etildi”, – dedi Innovatsion rivojlanish vaziri.
Forumning faxriy mehmonlari bo'lgan Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) vakillari onlayn va oflayn rejimda qatnashdilar. Forumda BIMT Iqtisodiyot va statistika bo'limi rahbari, GII hammuharriri professor Sasha Vunsh-Vinsent (Shveytsariya) O'zbekistonning GII 2022 natijalari bo'yicha taqdimot o'tkazib, O'zbekiston ilm-fan va innovatsiyalarning ko'plab yo'nalishlari bo'yicha yuqori natijalarga erishgani, shuningdek, global reytingda o'tgan yilgi o'rnidan 4 pog'ona yuqorilagani – bu mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, ilm-fanga berilayotgan e'tibor hamda innovatsion salohiyatni yaxshilashga qaratilgan ishlarning natijasi ekanligini alohida ta'kidladi.
Shuningdek, xorijiy mutaxassislar hozirgi kunda global miqyosda innovatsiyalarga bo'lgan talab keskin oshgan bir davrda O'zbekiston hukumatining innovatsion ekotizimni yaratishga bo'lgan e'tiborini yuqori baholadilar.






