O‘zbekiston harbiylari AQShda o‘tkazilgan musobaqada g‘olib bo'lishdi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjantlar Anvar Tursunov va Azamat Kenjayev eng yuqori natija ko‘rsatib, “Eng yaxshi jangchi – 2023” tanlovida g‘olib bo‘lishdi, - deya xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Musobaqa AQSHning Missisipi shtatida joylashgan “Kamp Shelbi” harbiy oʻquv bazasi hududida boʻlib oʻtdi. Unda O‘zbekistonlik harbiylar AQSh Milliy gvardiyasi maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan bellashdilar.
Qayd etilishicha, musobaqa davomida O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar jismoniy tayyorgarlikning individual sinovlari (6 ta mashqdan iborat Fitnes testi), jismoniy va ruhiy zo‘riqish chizig‘ini yengish, tungi vaqtda 15 km yo‘nalishni aniqlash, to‘liq marsh va 15 kg jangovor yuk bilan 20 km masofani bosib o‘tish, insho yozish (jangovar hamkorlik mavzusida kamida 500 so'z), artilleriya otishmalarini boshqarish, amerikacha o'qotar qurollarni qismlarga ajratish, yig'ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek undan turli usullarda va turli sharoitlarda otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoya qilish va kutilmagan (toʻsatdan) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli yakunladilar.
Shuningdek, ular 20 km masofani 15 kg toʻliq yuk koʻtarib, 1 soat 54 daqiqada bosib o'tib, musobaqa rekordini yangiladilar.






