O'zbekiston - Hindiston: savdo - iqtisodiy va ilmiy texnikaviy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyasining 13-yig'ilishi

Joriy yilning 13-dekabr sanasida O'zbekiton Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Hindiston Respublikasi savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o'tkazdi.

Konferensiya davomida ikki davlat o'rtasidagi investitsiyaviy va savdo - iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati, uni rivojlantirish , hududlararo munosabatlarni kengaytirish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ikki mamlakat o'rtasida iqtisodiy hamkorlik dasturini ishlab chiqish maqsadida Hindistonning tegishli vazirliklari, davlat idoralari va xususiy kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etish uchun Investitsiya va tashqi savdo vazirligi rahbariyati boshchiligidagi Ishchi guruhning Dehliga tashrif buyurishi masalalari ko'rib chiqildi.

Suhbat davomida, 2022 - yil boshida O'zbekiston hamda Hindiston o'rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyasining 13-yig'ilishini o'tkazish, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi hududlari rahbarlarining 2022 - yil yanvar oyida Gujarot shtatida bo'lib o'tadigan 10 - Global sammitida ishtirok etishini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.