O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga yetkazib berish 30 foizga oshdi

O‘zbekiston-Buyuk Britaniya o'zaro savdoda ijobiy dinamikani qayd etmoqda. O‘tgan yil davomida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 15 foizga oshib, 203,2 million dollarni tashkil etgan. Ko‘rsatkichlarni, jumladan, Buyuk Britaniyaga eksportni diversifikatsiya qilish va Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan umumiy imtiyozlar tizimi (GSP Enhanced Framework) benefitsiarining barcha imkoniyatlaridan foydalanish orqali oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Mazkur tizim doirasida 2022-yilda O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga yetkazib berish 30 foizga oshgan.
Bu haqda kecha, 19-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Torlaton o’rtasida bo’lib o’tgan uchrashuvdi qayd etilgan.
Shuningdek, uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda qo‘shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish, O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan.
Investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 50 foizdan ortiq o‘sib, 331 taga yetdi. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar "Standard Chartered" va "UK Export Finance" moliyaviy institutlarini tog‘-kon va metallurgiya sanoatidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, temir yo‘l transportini rivojlantirishga jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda o‘tgan yil oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashi (UBTIC) yig‘ilishi yakunlari yuqori baholandi. Uning doirasida turli soha va yo‘nalishlarda, jumladan, bank sektori va ta’lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan edi. Shu nuqtai nazardan, tomonlar 2023-yilning ikkinchi yarmida Londonda UBTICning yuqori darajadagi uchrashuvini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishda yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqladilar.






