O‘zbekiston-Sloveniya Hukumatlararo komissiyasi tashkil etiladi

9-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Sloveniya Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, sanoat kooperatsiyasi sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sloveniya tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligi va ikki tomonlama sheriklikni faollashtirishning strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, bir kun avval imzolangan O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimning muhimligi hamda ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib qolishi alohida ta’kidlandi.
Doimiy ravishda qo‘shma biznes-forumlari va “O‘zbekiston va Sloveniyada ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmalarini o‘tkazish orqali investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi keyingi amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun aviatsiya idoralari o‘rtasida onlayn maslahatlashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Muzokaralar yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Sloveniya Hukumatlararo komissiyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surishga tayorliklarini bildirdilar.






