O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik

O‘zbekiston Prezidentining Misrga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Misr Arab Respublikasi qishloq xo‘jaligi va melioratsiya vaziri Al-Said Al-Qosayr o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun fitosanitariya va o‘simliklar karantini bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish juda muhim ekani ta’kidlandi. Oliy darajadagi tashrif chog‘ida mazkur yo‘nalishda hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Bu qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirish, eksport qilish va reeksport qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini ko‘rib chiqish va berish jarayonini tezlashtiradi.

Vazirliklar rahbarlarining yig‘ilishida ingichka tolali paxtachilikni rivojlantirish, ilmiy yo‘nalishdagi aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki mamlakatda ham katta salohiyatga ega oliy ta’lim muassasalari mavjud bo‘lib, bu salohiyatdan to‘liq foydalanish zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Misr texnologiyasidan foydalangan holda veterinariya preparatlari va ozuqa qo‘shimchalarini ishlab chiqarishni tashkil etish taklifi ham bildirildi.