O‘zbekiston va Misr Port-Saidda qo‘shma sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etmoqchi

O‘zbekiston Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov kecha Misr Savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan videokonferensiya tarzida uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari, xususan, Port-Said shahrida to‘qimachilik, charm hamda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston korxonalarini joylashtirish uchun qo‘shma sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tashkil etish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va joriy yil yozida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi doirasida Toshkent shahrida uning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ham kelishib olindi.






