O'zbekiston va Xalqaro moliya korporatsiyasi o’rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari

Joriy yilning 28-sentabr kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK)ning Yevropa hamda Markaziy Osiyo bo'yicha direktori Vibke Shlemer bilan uchrashuv o'tkazilib, unda joriy qo'shma loyihalarni amalga oshirilishi va yangi investitsiyaviy tashabbuslarni ishlab chiqishni nazarda tutgan holda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Ta'kidlanishicha, XMK amaldagi portfeli bank, moliya, energetika, to'qimachilik, oziq - ovqat, kimyo, mebel sanoati va kichik va o'rta biznesni rivojlantirish yo'nalishlarida jami 480 million AQSh dollarlik 28 ta investitsiya loyihasi hamda mamlakatning moliya va energetika sohalarida ishlab chiqilayotgan 474 million dollarlik 5 ta loyihadan iborat.

XMK rahbariyatiga moliya bozorlarini rivojlantirishda, agrobiznes, transport, sog'liqni saqlash va energetika sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo'llab-quvvatlash, shu jumladan Sirdaryo viloyatida 3 ta quyosh elektr stantsiyasi va 1500 MVt quvvatga ega bug' - gaz elektr stansiyasini hamda Xorazm, Namangan va Buxoro viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyalarini qurish bo'yicha xalqaro tenderlar o'tkazishda ko'rsatilgan texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi.

Shuningdek, davlat korxonalari va tijorat banklarini transformatsiyalash va xususiylashtirishni nazarda tutgan holda, O'zbekistonda iqtisodiy va tarkibiy islohotlarni amalga oshirishda XMKning maslahat va texnik yordamini jalb etish masalalari muhokama qilindi.