O’zbekiston xususiy sektor kimyo tarmog‘ida 2 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilmoqda

Bugun, 21-sentabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Ta’kidlanishicha, islohotlar natijasida kimyo sanoatida mahsulot turi ko‘payib, rentabellik oshgan. Joriy yil 8 oyda 1 million tonnadan ziyod mineral o‘g‘it ishlab chiqarilgan. Eksport esa, qariyb 2 baravar ko‘payib, 330 million dollarga yetgan. Sohaga investorlarning ishonchi ortib, sarmoya kiritish ko’rsatkichlari oshgan. Jumladan, bugungi kunda xususiy sektor kimyo tarmog‘ida 2 milliard dollarlik 15 ta loyihani amalga oshirmoqda va ularning 5 tasi yaqinda ishga tushgan.

Shu bilan birga, sohani yuqori qiymatli mahsulot ishlab chiqaradigan tarmoqqa aylantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilishi lozim ekani qayd etilgan. Shuningdek, korxonalarni xomashyo bilan ta’minlash va texnologik yangilash, kimyo klasterlari tashkil etish, ishlab chiqarishni kengaytirish zarur.

Taqdimotda shu borada bajarilgan ishlar va yil yakunigacha kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Davlatimiz rahbari bu sohadagi kelgusi vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.

Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlaridagi yirik korxonalar negizida 4 ta kimyo klasteri tashkil etilmoqda. Ular xomashyodan tayyor mahsulotgacha ishlab chiqaradigan bo‘ladi. Hozirda 1,8 milliard dollarlik 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda va 5,6 milliard dollarlik yana 29 ta loyiha rejalashtirilgan.

Prezidentimiz ushbu klasterlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish uchun loyiha ofisi tuzish, bo‘sh turgan maydonlarni lotlarga ajratib, xususiy investorlarni jalb etish kerakligini ta’kidladi. Kimyo zavodlarida ilg‘or tajriba va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ulardagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.