O’zbekiston – Fransiya: Qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyalarning ishtiroki

17-noyabr kuni Hukumat delegatsiyasining Fransiyaga tashrifi doirasida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Fransiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o'tkazdi.

Qo'shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyalarning ishtirok etish istiqbollarini muhokama qilishga bag'ishlangan ushbu muzokaralarda mamlakatimiz manfaatdor vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Xususan, "Alstom" kompaniyasining bosh direktori Anri Pupar-Lafarj bilan suhbat chog'ida shahar jamoat transportini tashkil etish sohasida kompaniyaning yechimlarini joriy qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Uchrashuv doirasida tomonlar yangi loyihalarning texnik-iqtisodiy parametrlarini batafsil ishlab chiqish bo'yicha qo'shma sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Voltaliya kompaniyasi bosh ijrochi direktori Sebastyan Klerk bilan O'zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo'yicha bir qator investitsiya loyihalarini amalga oshirishda kompaniyaning ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi.

Muloqot davomida kompaniyaning butun dunyo bo'ylab elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bilan birga ob'ektlarning ishonchliligi va ish sifatining yuqori darajasini ta'minlash bo'yicha katta tajribasi ta'kidlandi. Kompaniya rahbariyati, o'z navbatida, O'zbekistonda vakolatxona ochish va muqobil energetika ob'ektlarini qurishga qiziqish bildirdi.

Orano Mining kompaniyasining Bosh direktori Nikolya Meys bilan uchrashuvda tomonlar investitsiya hamkorligini kengaytirishning hozirgi holati va istiqbollarini konstruktiv tarzda muhokama qildilar. Energetika sanoati uchun uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Orano kompaniyasi rahbariyati o'zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda.

Uchrashuv yakunlari bo'yicha o'zaro munosabatlarning ko'rib chiqilgan yo'nalishlarini ilgari surish bo'yicha navbatdagi tadbirlar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, shu kunlarda Parijda Fransiyaning «MEDEF» tadbirkorlar harakati ko‘magi bilan tashkil etilgan biznes forum bo‘lib o‘tmoqda.