O'zbekistonda aholi murojaatlari bilan ishlash yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Mamlakatimizda uy-joy muammosini hal etish, kredit olish, ishga joylashish, xasta dardiga davo istab, kamxarj moddiy ko‘mak so‘rash uchun yangi onlayn platforma yaratilmoqda.
Hozirgacha nima bo‘layotgan edi? Fuqaro avval mahallaga murojaat qiladi. Ishi bitmaydi. Keyin tuman hokimligiga boradi. U yerdagi javobdan qoniqmaydi. Shundan keyin murojaat egasi “tirishqoqlik” bilan viloyatga, vazirliklarga, barcha darajadagi Xalq qabulxonalariga, hukumatga, parlamentning har ikkala palatasiga arizalar yuboradi. Aslida juda bo‘lmasa tumanda yechim topishi mumkin bo‘lgan masala bilan yuqoridagi hamma idora band bo‘layotgan edi.
Endi barcha fuqarolarning murojaatlari yagona elektron ma'lumotlar bazasida to'planadi. Uning natijalari har oy Senat va hukumatga taqdim etiladi.






