"O'zbekistonda kavrakchilikni yanada rivojlantirish uchun plantatsiyalar tashkil qilish kerak", - Bahrom Sharipov

O‘zbekiston Respublikasi Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov o'z videomurojaatida kavrakchilik bugungi kunda yurtimizda oqsab qolganligini qayd etdi. Bahrom Sharipov ushbu muammoni muhokama qilish maqsadida tadbirkorlar bilan “Kavrakchilikni yanada rivojlantirish va uni sanoat usulida yetishtirish hajmini oshirish” mavzusida videokonferensiya tashkil etdi.
Ma’lumki, yurtimizda kavrak o‘simligining 50 ga yaqin turlari mavjud bo‘lib, u asosan respublikamizning qumli cho‘llar, adirlar, tog‘lar va tog‘oldi yalangliklarda, sof tuproqli yerlarda o‘sadi. Bu o‘simlik aslida shifobaxsh xususiyatlari ko‘pligi tufayli azal-azaldan tabobat, kosmetika vositalari va ayrim davlatlarning milliy taomlarida ham keng qo‘llanib kelingan.
Videokonferensiya davomida Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov kavrakchilikni yanada rivojlantirish va uni sanoat usulida yetishtirish hajmini oshirish uchun bu o'simlikning plantatsiyalarini yaratish zarurligini aytdi.






