Oʻzbekistonda tabiiy gaz qazib olish qisqarib, import keskin oshdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi bergan maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning mart oyida mamlakatda 4,1 mlrd kub gaz qazib olingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,2 foizga kam demakdir.
Gaz qazib olishning qisqarishi joriy yilda uchinchi oy ketma-ket davom etmoqda. Yanvarda qisqarish 7,5 foizni, fevralda 9 foizni tashkil etgan edi.
“Agar favqulodda moʻjiza ro‘y bermaydigan bo‘lsa, 2023-yilda o‘ta og‘ir o‘tgan 2022-yilga nisbatan 5-7 mlrd kub kamroq gaz qazib olinadi va umumiy gaz qazib olish hajmi O‘zbekiston tarixidagi minimum — 45 mlrd kub va balki undan ham kamroq hajmgacha tushishi mumkin”, deydi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Tabiiy gaz qazib olish pasayib borayotgan bir vaqt — mart oyida gaz importi keskin oshgan. Agar yanvar va fevral oylarida 1,7 mln dollarlik gaz import qilingan bo‘lsa, birgina mart oyining o‘zida xorij 151,2 mln dollarlik gaz xarid qilingan.
Umuman olganda, uch oy ichida 152,9 million dollarlik gaz import qilingan.






