O‘zbekistonda «yashi»” vodorod ishlab chiqarish zavodini qurish muhokama qilindi

Joriy yilning 3-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va ACWA Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Suhbatda kompaniyaning mamlakatimizdagi loyihalar portfelini amalga oshirishning dolzarb masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
ACWA Power kompaniyasining o‘lkamizning energetika sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi qayd etildi. Bugungi kunda kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ko‘p bo‘lgan 5 ta loyihadan iborat.
Yig‘ilishda Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shu o‘rinda, tomonlar Samarqand viloyatida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 200 MVtli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihalari bo‘yicha tegishli loyihaoldi jarayonlar nihoyasiga etgani va yangi shartnomalar tuzilganini olqishladi.
Alohida tartibda O‘zbekistonda “yashil” vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish rejalari muhokama qilindi.






