Oʻzbekistonliklar 1 mln dollar topishi uchun necha yil ishlashi kerak?

Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik oladigan oʻzbekistonlik bir million dollarni 277 yil-u 8 oyda ishlab topishi mumkin. Bu haqda Picodi.com tahlilchilari tuzgan reytingda keltirilgan.

102 davlat joy olgan reytingda oʻrtacha maosh 300 dollar boʻlgan Oʻzbekiston 91-oʻrinni egalladi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi natija Qozog‘istonda qayd etilgan, u yerda 1 million dollar ishlab topish uchun 171 yil kerak boʻladi. Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston roʻyxatda yoʻq.

Eng tez millionerga shveytsariyaliklar aylanishi mumkin. Ularga bir million dollar topish uchun atigi 14 yil boʻlsa kifoya. Singapur va Lyuksemburgdagilar bu pulni mos ravishda 16 va 17 yil ichida qoʻlga kirita oladi.

Biroq, Uganda, Misr va Pokiston xalqlarining 1 million dollar ishlab topishi uchun 500 yildan ortiq vaqt kerak bo‘ladi.