«OʻZKIMYOIMPEKS» MCHJ 5 YOSHDA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 29.08.2017-yildagi PQ-3246-son “Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan “Oʻzkimyosanoat” AJ tizimida eksport-import operatsiyalari boʻyicha yagona agent - “Oʻzkimyoimpeks” MChJ tashkil etilgan edi. Bugun “Oʻzkimyoimpeks” 5 yoshda!

“Oʻzkimyoimpeks” faoliyati yoʻlga qoʻyilgandan soʻng yillik mahsulot eksporti ikki barobarga oshdi. 2016-yilda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari tomonidan 197 mln dollarlik mahsulotlar xorijga yetkazib berilgan boʻlsa, 2021-yilda eksport hajmi 382 mln dollarni tashkil etdi. Bugungi kunda milliy mahsulotlar dunyo kimyo bozorini zabt etmoqda. Bunda “Oʻzkimyoimpeks” tashqi savdo kompaniyasining oʻrni katta.

Strategik sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, davlatlararo hamkorlik boʻyicha tashabbuslar, jahonning yetakchi anjuman va koʻrgazmalarida doimiy ishtirok etish, har bir sherik va mintaqaga individual yondashish, bozorlarni chuqur tahlil qilish eksport qilinadigan mahsulotlar roʻyxatini 24 tadan 36 tagacha, eksport geografiyasini esa 4 qitʻaga, yaʻni Yevropa, Osiyo, Afrika va Janubiy Amerikaga kengaytirish imkonini berdi. “Oʻzkimyoimpeks” MChJ tomonidan 5 yil davomida dunyoning 47 davlatiga jami 4,6 million tonnalik 46 turdagi mineral oʻgʻitlar va kimyoviy mahsulotlar eksport qilindi. Bugungi kunda “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari ishlab chiqargan mahsulotlarni dunyoning qishloq xoʻjaligi sohasida yetakchi boʻlgan mamlakatlarida ham koʻrish mumkin. Eksport qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Bugungi kunda mineral oʻgʻitlar va kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish va savdosi boʻyicha dunyoda yetakchilar qatorida boʻlgan “Tricon”, “Trammo”, “UHB”, “Itochu”, “Ameropa”, «Туркменхимия» kabi qator kompaniyalar “Oʻzkimyoimpeks” MCHJning xorijiy hamkorlari sanalishadi. Yana bir muhim jihat shundaki, kompaniya eng yirik treyderlarning ishonchini qozonib kelmoqda.

Hozirgacha kompaniya tomonidan “Oʻzkimyosanoat” AJ eksport imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qator muhim sertifikat va hujjatlarni olish, shu bilan birga imtiyozli dasturlarda ishtirok etish yuzasidan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, GSP+ dasturi doirasida Yevropa mamlakatlariga eksportni rivojlantirishga erishildi. Mineral oʻgʻitlar va kimyoviy mahsulotlar eksporti uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi “REACH”va “REX” kabi sertifikatlar olindi.

Shuningdek eksport imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida Tojikiston, Qozogʻiston va Ukraina kabi davlatlarda savdo uylari ochildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Oʻzkimyosanoat” AJ tizim korxonalari uchun mahsulotlarni saqlash va joʻnatishni amalga oshirish, qadoqlash imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi standartlariga javob berish imkonini taqdim etuvchi qurilmalar oʻrnatish mumkin boʻlgan xalqaro logistika markazi qurilmoqda.

Shu bilan birga, kompaniya rahbariyati tomonidan professionallik, mehnatsevarlik, oʻz ustida ishlash va yuqori natijalarga erishishga boʻlgan yuqori intilish jihatlari bilan ajralib turuvchi yosh ahil jamoa shakllantirildi. (Xodimlarning oʻrtacha yoshi 30 yoshni tashkil qiladi.)
“Oʻzkimyoimpeks” kompaniyasi tashkil topganligining 5 yilligi munosabati bilan togʻ yonbagʻrida kompaniya xodimlari uchun team-building ham tashkil qilindi. Turli xil interaktiv va intellektual mashgʻulotlarga boy boʻlgan team-building jamoa aʻzolariga aʻlo kayfiyat va shijoat ulashdi. Shu bilan birga tadbir jamoaviy muhitni yanada yaxshilashga ham xizmat qildi.

Shuni ham alohida taʻkidlash lozimki, “Oʻzkimyoimpeks” xodimi Dmitriy Surenin, Talas Olotogʻidagi Chotqol tizmasining eng baland choʻqqilaridan biri (3864 m), Toshkent va Namangan viloyatlari chegarasidagi Qoraqush choʻqqisini zabt etdi. 3864 metr balandlikka chiqqan hamkasbimiz “Oʻzkimyoimpeks” MCHJ tashkil topganligining 5 yilligi munosabati bilan, kompaniyamiz bayrogʻini boshi uzra baland koʻtardi.

“Oʻzkimyoimpeks” MCHJ tashkil etilganligiga 5 yil toʻldi. Erishilgan natijalar esa hali boshlanishi. Kompaniya yuqori marralarni zabt etishda davom etadi.