Oʼqituvchilar maoshlarini oshirdik, lekin bu bilan toʼxtab qolmaymiz — Prezident

“Mana bugun taʼlim sifatini oshirish, yangi darsliklar masalasida gaplashamiz. Xoʼsh, bu yangi darsliklarni farzandlarimizga kim yetkazadi? Аlbatta muallim! Men bekorga muallimning obroʼsini koʼtarish haqida takror-takror gapirmayman. Bugungi globallashuv davrida taʼlim, kelajak avlod barkamolligi qay darajada muhimligini yanayam kuchliroq anglab yetyapmiz",- deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.

"Bugun yoshlarimiz, bolalarimizning oʼzi “Bizga kechagi kun taʼlimi kerak emas” degan talabni qoʼyishyapti. Hozirgi islohotlarimizni reajalashtiryapmiz, katta-katta marralarni qoʼyyapmiz. Ularni aytish oson, lekin bajarish azob. Lekin har qancha qiyin boʼlmasin biz farzandlarimiz uchun bu islohotlarni amalga oshirish uchun harakat qilishimiz shart.

Bugungi intiluvchi bolalar kelajakda sizning oltin fondingizga aylanadi. Ularning yutuqlaridan faxrlanasiz. “Men jonajon vatanim uchun qanday hissa qoʼshyapman?!” degan savolga javob oʼz ustimizda ishlashimiz va farzandlarimiz kamoloti boʼladi.

Yilimiz nomini ham taʼlimga bogʼlaganimiz bejiz emas. Bu masala mening doimiy diqqat markazimda boʼladi. Maoshlaringizni oshirdik, lekin bu bilan toʼxtab qolmaymiz. Imkoniyatimiz boʼlishi bilan yana koʼpaytiramiz”,- Prezident Shavkat Mirziyoyev.