Oʼzbekiston - Eron investitsiyaviy hamkorlik

22 dekabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Eron Islom Respublikasining iqtisodiy masalalar boʼyicha vitse-prezidenti M.Rezaiy bilan videokonferentsiya shaklida muzokaralar oʼtkazdi.
Muzokaralar chogʼida ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar yaqinda boʼlib oʼtgan Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) sammiti hamda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 15-sammiti davomidagi ikki Davlat rahbarlarining oʼzaro muloqotlari Oʼzbekiston-Eron munosabatlarini yanada faollashtirishga turtki berganini, shuningdek, erishilgan kelishuvlarni roʼyobga chiqarish yoʼlida birgalikda harakat qilishga sodiqligini taʼkidladilar.
Muzokarada investitsiyaviy hamkorlik sohasiga eʼtibor qaratilib, qurilish materiallari ishlab chiqarish, qurilish, qishloq xoʼjaligi, baliqchilik, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo va yengil sanoat sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani taʼkidlandi.
Oʼzaro savdo sohasiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʼzbekiston-Eron savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi, jumladan, joriy yilning yanvar-noyabr oylarida oʼzaro savdo hajmi 74,4 foizga oshgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar Oʼzbekiston va Eron oʼrtasida Imtiyozli savdo toʼgʼrisidagi bitim loyihasi ustida olib borilayotgan ishlarni kuchaytirishga kelishib oldilar.
Yaqin kelajakda qator ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʼyicha hukumatlararo komissiyaning 14-yigʼilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Oʼzbekiston hamda Eron oʼrtasida investitsiyalar, sanoat, savdo va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish boʼyicha “Yoʼl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishildi.






