Oʼzbekiston investitsiya muhitini yaxshilashda TXMMning oʼrni

Oʼzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligining vazifalaridan biri – Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etishdir. Oʼzbekiston Respublikasi Strategik rivojlanish agentligi bosh direktorining oʼrinbosari Aziz Gʼofurov Toshkent xalqaro moliya markazining respublikadagi oʼrni haqida soʼzlab berdi.
Agentlik faoliyati yoʼnalishlaridan biri – Oʼzbekiston Respublikasining investitsiya muhitini yaxshilash masalalari hisoblanadi. Shu bois Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro moliya markazini (XMM) tashkil etish vazifasini qoʼydi. Strategik rivojlanish agentligi Toshkent shahrida xalqaro moliya markazini tashkil etish orqali Oʼzbekistonga kapital, isteʼdod va texnologiyalarni jalb etish platformasini tashkil etish ishlariga katta eʼtibor qaratmoqda.
Qayd etish joizki, XMMlar oʼzi joylashgan mamlakatga toʼgʼridan-toʼgʼri va portfel investitsiyalarini jalb qilish, soliq tushumlarini oshirish, yangi yuqori daromadli ish oʼrinlarini yaratish va moliya bozorini rivojlantirishda yordam beradi.
Poytaxtimizda tashkil etilayotgan Xalqaro moliya markazi Oʼzbekiston milliy taraqqiyotining ikkita vazifasini hal etishga xizmat qiladi. Birinchidan, TXMM investitsiya siyosatining asosiy vositasiga aylansa, ikkinchidan, TXMM Oʼzbekistonda keng koʼlamli iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar dasturini amalga oshirish jarayonining “ijobiy koeffitsienti” sifatida koʼrilmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʼra, Toshkentdagi XMM har yili yalpi ichki mahsulotga nisbatan qoʼshimcha 1 foiz miqdoridagi Oʼzbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yoʼnaltirilgan yangi manbalarining paydo boʼlishiga olib keladi, mazkur manbalar esa Oʼzbekistondagi ijtimoiy soha, infratuzilmani rivojlantirishning dolzarb muammolarini hal qilishga yordam berishi mumkin.
Ayni paytda xalqaro ekspert-maslahat guruhi TXMMning model va rivojlanish rejasi, ixtisoslashuvi va strategik yoʼnalishlarini ishlab chiqish ustida faoliyat olib bormoqda.






