Oʼzbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya xalqiga taskin soʼzlarini bildirdi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qiroli Karl Uchinchiga uning volidai muhtaramasi Qirolicha Yelizaveta Ikkinchi olamdan oʼtgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
"Ul zot 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakat yaxlitligi va jadal rivojlanishining ramzi boʼlib kelgan, Qirollikning global iqtisodiyot va siyosatda yetakchi davlatlardan biriga aylanishiga, uning xalqaro maydondagi obroʼ va eʼtiborini har tomonlama oshirishga beqiyos hissa qoʼshgan buyuk davlat arbobi edi", deyiladi davlatimiz rahbarining taʼziyanomasida.
Prezidentimiz ushbu musibatli damlarda Qirolga, oilasining barcha aʼzolariga va butun Buyuk Britaniya xalqiga taskin soʼzlarini bildirdi hamda sabr-toqat va bardamlik tiladi.






