Oʼzbekiston-Qirgʼiziston taraqqiyot jamgʼarmasining ilk yigʼilishi

29 dekabr kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov raisligida videokonferentsiya shaklida Oʼzbekiston – Qirgʼiziston taraqqiyot jamgʼarmasi Kengashining birinchi yigʼilishi boʼlib oʼtdi.
Yigʼilish kun tartibiga Jamgʼarmaning amaliy faoliyatini tashkil etish va istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish bilan bogʼliq bir qator masalalar kiritildi. Shuningdek, yigʼilishda Jamgʼarmaning tashkiliy tuzilmasi, budjeti, uning ish tartibi, investitsiyaviy, kredit va hisob siyosatini belgilovchi bir qator ichki meʼyoriy hujjatlar koʼrib chiqildi va tasdiqlandi.
Tasdiqlangan hujjatlarga muvofiq, Jamgʼarma nafaqat oʼz mablagʼlari hisobidan, balki boshqa tijorat manbalari, jumladan, xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari, investitsiya kompaniyalari va jamgʼarmalarining mablagʼlarini jalb qilish orqali istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish vositasi sifatida faoliyat yuritadi.
Jamgʼarma faoliyatining ustuvor vazifasi etib qishloq xoʼjaligi, sanoat, transport va logistika sohalarida qoʼshma ishlab chiqarishlarni tashkil qilishga qaratilgan investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish belgilab olindi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat iqtisodiyotlarining raqobatbardosh ustunliklaridan foydalangan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda oʼzbek va qirgʼiz ishlab chiqaruvchilari oʼrtasida oʼzaro bogʼliq qoʼshilgan qiymat zanjirlarini yaratishga yordam beradi.
Maʼlumot uchun: Oʼzbekiston-Qirgʼiziston taraqqiyot jamgʼarmasi Oʼzbekiston Respublikasi va Qirgʼiziston Respublikasi oʼrtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat iqtisodiyotlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, ustuvorlikka ega oʼzaro manfaatli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish orqali ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida tashkil etildi. Tegishli Bitim har ikki ishtirokchi davlat tomonidan shu yilning noyabr oyida ratifikatsiya qilingan.






