Oʼzbekiston - Qirgʼizston: songgi uch yilda tovar ayirboshlash hajmi 16 foizga oshgan

Joriy yilning 14-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Oʼzbekistonda oʼz diplomatik missiyasini yakunlayotgan Qirgʼiziston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi I.Djunusovni qabul qildi.
Uchrashuv chogʼida koʼp qirrali Oʼzbekiston-Qirgʼiziston hamkorligining bugungi holati va uni yanada chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, qoʼshma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish boʼyicha keyingi saʼy-harakatlar belgilandi.
2021-yilda Qirgʼiziston Respublikasi Prezidentining Oʼzbekiston Respublikasiga tashrifi yakunlari boʼyicha ikki mamlakat oʼrtasidagi munosabatlar alohida dinamikaga ega boʼlganligi qayd etildi. Tashrif doirasida ikki tomonlama tadbirlar, jumladan, Hukumatlararo qoʼshma komissiyaning yigʼilishi hamda Oʼzbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirgʼiziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashinining yigʼilishi oʼtkazildi.
Savdo-iqtisodiy sohada erishilgan muvaffaqiyatlar alohida taʼkidlandi. Jumladan, soʼnggi uch yilda ikki davlat oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 16 foizga oshib, 1 milliard dollarlik marraga yaqinlashdi. Transchegaraviy savdoni rivojlantirish hamda ikki mamlakatning logistika va tranzit salohiyatidan toʼliq foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, yaqin kelajakda oʼzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun salmoqli imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildilar. Istiqbolli loyihalarni, shu jumladan, 2021-yilda tashkil etilgan Oʼzbekiston-Qirgʼiziston taraqqiyot jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihaviy tashabbuslarni ishlab chiqish va ularni ilgari surish yuzasidan keyingi tadbirlar belgilandi.






