Oʼzbekiston-Saudiya Аrabiston: Energetika sohasidagi hamkorlik

Joriy yilning 18-aprel kuni Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov boshchiligidagi hamda asosiy vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat Oʼzbekiston hukumat delegatsiyasi Saudiya Аrabistoni bilan ustuvor yoʼnalishlarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish boʼyicha muzokaralar olib borish uchun Аr-Riyod shahriga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida dastlab Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovning Saudiya Аrabistoni Podshohligi energetika vaziri shahzoda Аbdulaziz bin Salmon al-Saud bilan uchrashuvi boʼlib oʼtdi.

Uchrashuv chogʼida energetika sohasidagi Oʼzbekiston-Saudiya Аrabistoni munosabatlarining hozirgi holati, qoʼshma loyihalarni amalga oshirish va ushbu sohada qoʼshma investitsiya portfelini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Saudiya Аrabistoni hozirgi kunda Oʼzbekiston energetika sohasidagi eng yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi. Bu koʼrsatkichga koʼp jihatdan mamlakatda Saudiya Аrabistonining “ACWA Power” kompaniyasining muvaffaqiyatli faoliyati tufayli erishildi. Kompaniya loyihalarining umumiy qiymati 2,5 milliard dollardan oshadi.

Muloqot chogʼida mamlakatning umumiy energiya balansidagi muqobil energiya manbalari ulushini 2025-yilga kelib 25 foizga yetkazish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning muhim istiqbollari qayd etildi. Tomonlar Saudiya Аrabistoni investorlarining ushbu sohada orttirgan muvaffaqiyatli tajribasini hisobga olgan holda qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirishning yangi yoʼnalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.