Oʼzbekiston-Tojikiston: hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Tojikiston Respublikasi sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sh.Kabir bilan uchrashdi.
Uchrashuv chogʼida investitsiyalar, sanoat, savdo va transport sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati koʼrib chiqildi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining oʼtgan yilning iyun oyida Tojikiston Respublikasiga tashrifi chogʼida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi muhokama qilindi.
Tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlariga toʼxtalib oʼtdilar, shuningdek, amaldagi tarif va notarif choralarni izchil bekor qilib borish hamda oʼzbek va tojik mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga kirib kelishiga koʼmaklashish orqali sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish va oʼzaro savdoni rivojlantirish sharoitlarini yaxshilash boʼyicha birgalikdagi ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.
Konstruktiv muloqot yuzaga kelayotgan masalalarni belgilab, ularni hal qilish yuzasidan maqbul yechimlarni ishlab chiqish imkonini berdi. Аmalga oshirilayotgan loyihalarni, shuningdek, oʼzaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni kengaytirishning yangi yoʼnalishlarini ilgari surish boʼyicha navbatdagi qoʼshma tadbirlar rejalashtirildi.






