Oʼzbekiston va YeI hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Bryusselda Yevropa Kengashi Prezidentining Tashqi siyosat boʼyicha Bosh maslahatchisi Saymonom Mordyu bilan uchrashdi.

Uchrashuv kun tartibidan Oʼzbekiston va YeI oʼrtasidagi koʼp qirrali sheriklikning bugungi holati va uni chuqurlashtirishning istiqbollari oʼrin oldi. Barcha ustuvor yoʼnalishlarda hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi, shuningdek, turli darajalarda ikki tomonlama aloqalar muntazam yoʼlga qoʼyilganligi qayd etildi.

Shu kunning oʼzida biroz avvalroq Bryusselda boʼlib oʼtgan Oʼzbekiston-Yevropa Ittifoqi hamkorlik qoʼmitasining 18-yigʼilishi yakunlari ijobiy baholandi. Tomonlar investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida eʼtibor qaratgan holda istiqbolli yoʼnalishlarda oʼzaro manfaatli sheriklikni kengaytirish boʼyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.

Shu nuqtai nazardan, oʼzaro savdo koʼrsatkichlarining sezilarli oʼsishi qayd qilindi. Jumladan, joriy yilning dastlabki besh oyida Oʼzbekiston va YeI mamlakatlari oʼrtasidagi tovar aylanmasi 22 foizga, Oʼzbekistondan YeIga eksport esa 86 foizga oshdi. Eng katta oʼsishni koʼrsatgan tovarlar toifalari orasida kimyo sanoati mahsulotlari (6 marta oʼsish), toʼqimachilik (90 foizga oʼsish) va oziq-ovqat mahsulotlari (65 foizga oʼsish) bor edi.

Bunga koʼp jihatdan Oʼzbekiston tomonidan 2021-yilda Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimining benefitsiar maqomini olishi tufayli erishildi. Fursatdan foydalanib, tomonlar “GSP+” tizimi doirasida YeI monitoring missiyasining Oʼzbekistonga tashrifi yakunlarini muhokama qildilar va ushbu tizimning benefitsiari sifatida uning afzalliklarini amalda qoʼllash maqsadida mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan barcha 27 xalqaro Konvensiya talablariga rioya etilishini taʼminlash boʼyicha navbatdagi tadbirlarni belgilab oldilar.