Oʼzbekiston-Yaponiya markazi tashkil etilganining 20 yilligiga bagʼishlangan biznes-forum

Bugun, 19-avgust kuni O‘zbekiston-Yaponiya markazining 20 yilligiga bag‘ishlangan tadbir tashkil etilib, unda Yaponiya madaniyatini aks ettirgan ko‘rgazma va biznes forum o‘tkazildi.
Biznes forumi doirasida, “Oʼzbek-Yapon markazi Yaponiya va Oʼzbekiston bizneslari oʼrtasidagi muloqotni rivojlantirish biznes platformasi sifatida” mavzusida panel muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur biznes-forum O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan, aksariyati O‘zbekiston-Yaponiya markazining biznes kurslari bitiruvchilari bo‘lgan ishbilarmonlarni birlashtirdi.
Unda, tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Yaponiyaning menejment, marketing, servis tajribasini O‘zbekiston kompaniyalari amaliyotiga joriy etish borasida erishilgan yutuqlar, tajriba va imkoniyatlar muhokama qilindi.
Tadbirda nufuzli diplomatik mehmonlar, biznes kurslari bitiruvchilari va o‘qituvchilari, O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari, biznes kurslari ma’muriyati ishtirok etdi.
P.S. Oʻzbekiston-Yaponiya markazi ikki davlat hukumatlari oʻrtasida 2000-yil oktabr oyida erishilgan kelishuvga muvofiq tashkil etilgan. Markazning ta’sischilari bir tomondan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, ikkinchi tomondan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hisoblanadi.






