Oʼzbekiston – Latviya: hamkorlikni yanada rivojlantirish yoʼllari

Joriy yilning 9-fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Latviya hukumati vakillari va ishbilarmonlari delegatsiyasining tashrifi doirasida Oʼzbekistonda boʼlib turgan Latviya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Edgars Rinkevichs bilan uchrashuv oʼtkazdi.

Uchrashuv chogʼida investitsiyalar, savdo, transport va logistika hamda boshqa ustuvor yoʼnalishlardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Latviya korxonalarining Oʼzbekistonda biznesni rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotgani alohida taʼkidlandi. Masalan, soʼnggi besh yil ichida mamlakatda Latviya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 2 baravar koʼpaydi. Latviya ishbilarmon doiralarining Oʼzbekistondagi loyihalarni amalga oshirishdagi investitsiyaviy faoliyatini qoʼllab-quvvatlash boʼyicha faol hamkorlik qilishga oʼzaro tayyorlik bildirildi.

Savdo hamkorligini kengaytirishning muhim istiqbollari qayd etildi. Latviya Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Oʼzbekistonning eng yirik savdo hamkorlarining qatoriga kiradi. Soʼnggi besh yil ichida ikki mamlakat oʼrtasidagi savdo aylanmasi deyarli ikki baravar koʼpaydi. Tomonlar 2021-yil sentabr oyida Riga shahrida Oʼzbekiston savdo uyining ochilishini olqishladi va bu qadam ikki davlat oʼrtasidagi savdo aloqalarining chuqurlashishiga qoʼshimcha turtki berishiga umid bildirishdi. Shu nuqtai nazardan, yaqin kelajakda ikki mamlakat ishbilarmonlari oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqalarni oʼrnatish hamda investitsiyaviy va savdo sohasida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini oʼrganish maqsadida Latviyada qoʼshma tarmoq koʼrgazmasi va biznes-forum oʼtkazishga kelishib olindi.