Oʼzbekiston – Vengriya: ilm-fan va texnologiyalarni mustahkamlashga qaratilgan Yoʼl xaritasi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov hamda Vengriyaning tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bilan ikki davlat oʼrtasida ilm-fan va texnologiyalar sohasida aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan Yoʼl xaritasini imzoladilar.

Unga koʼra, umumiy qiymati 2 million Yevro qiymatidagi Oʼzbekiston-Vengriya qoʼshma startap loyihalar tanlovining ikkinchi bosqichini yakuniga yetkazish, shuningdek umumiy qiymati 2 mln Yevro boʼlgan Oʼzbekiston-Vengriya qoʼshma startap loyihalar tanlovining uchinchi bosqichini tashkil etish belgilangan.

Bundan tashqari, 2023-yili qoʼshma ilmiy loyihalar tanlovning 2-bosqichi eʼlon qilinishiga kelishildi. Аynan shu yili qishloq xoʼjaligi sohasida tadqiqotlar olib borayotgan yosh olimlarni Vengriya Qishloq xoʼjaligi va tabiiy fanlar universitetiga stajirovkaga joʼnatiladi.

Shuningdek, doktoranturada oʼqiyotganlar uchun Vengriyaning “Hungaricum” grant dasturi boʼyicha qoʼshimcha kvotalar ajratiladi. “Stipendium Hungaricum” grant dasturi boʼyicha esa jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi izlanuvchilarga taʼlim dasturi taklif etiladi. Etvosh Loran nomidagi ilmiy-tadqiqot tarmogʼi bilan hamkorlikda Vengriyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining laboratoriyalarida ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida stajirovkalar tashkil etiladi. Yadro energetikasi sohasida yosh olimlarning tajribasini orttirishga, stajirovkalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Yoʼl xaritasida oʼz navbatida Fargʼona davlat universiteti hamda Vengriya qishloq xoʼjaligi va tabiiy fanlar universiteti oʼrtasida hamkorlikni mustahkamlash ham oʼrin olgan.

P.S. Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Аbdurahmonov Vengriyaning Obuda Universiteti Faxriy professori ham hisoblanadi.