Oʼzbekistonga ayrim tovarlarni olib kirishda bojxona boji vaqtincha bekor qilinadi

«Xizmatlar sohasini qoʼllab-quvvatlashga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida»gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga koʼra, Oʼzbekistonga olib kirishda quyidagi tovarlar va transportlar uchun bojxona boji boʼyicha imtiyozning amal qilish muddati 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi:

• nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yangi tez tibbiy yordam avtomobillari;
• belgilangan roʼyxatga koʼra, tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta taʼmirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar hamda ehtiyot qismlari, qurilish va boshqa materiallar;
• ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq boʼlmagan, yoʼlovchilarni tashishda foydalaniladigan 8 va undan ortiq oʼrindiqqa ega transportlar;
• dor (osma) yoʼllari, togʼ-changʼi koʼtargichlar, funikulyorlar va boshqa shunga oʼxshash obʼektlar, «banji-jamping» va «ziplayn» attraktsionlari, boshqariladigan (dirijablь, havo shari) va boshqarilmaydigan aerostatlar, gondolalar, «rafting» va «flaybording» uchun uskunalar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar.
Shuningdek, mamlakatga olib kirishda quyidagi tovarlar 2021-yil 1-oktyabrdan 2024-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod qilinadi:

• belgilangan roʼyxat boʼyicha taʼlim tashkilotlari uchun oʼquv laboratoriya,
• maxsus asbob-uskunalar va jihozlar;
• taqiqlanmagan oʼyin avtomatlari, videooʼyinlar uchun uskunalar va bouling uchun avtomatik uskunalar;
• belgilangan roʼyxat boʼyicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan, lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi stomatologiya va kosmetologiya asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar, ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari.